Avvalroq “Qanot Sharq” 18-apreldan Toshkent-Praga-Toshkent yo‘nalishida to‘g‘ridan to‘g‘ri muntazam parvozlarni boshlashi ma’lum qilingandi.

Aviakompaniya matbuot xizmatining xabar berishicha, mazkur aviaqatnovlar may oyi oxiriga qoldirildi.

Xususan, O‘zbekiston va Chexiya poytaxtlari o‘rtasidagi aviaqatnovlar 30-maydan boshlanishi rejalashtirilgan. Parvozlar haftada bir marta — payshanba kunlari amalga oshiriladi.

Quyida reyslar jadvali (har ikki aeroport uchun mahalliy vaqt bilan) keltirilgan:

  • Toshkentdan uchish — 10:30, Pragaga kelish — 14:30;
  • Pragadan jo‘nab ketish — 16:00, Toshkentga kelish — 01:00.

Bir tomonlama chipta narxi 4 448 853 so‘mdan boshlanadi. Narxlar e’lon qilingan paytda amal qiladi.

“Qanot Sharq” aviakompaniyasi bosh direktori Moisey Pak mazkur yo‘nalishning ishga tushirilishi Yevropa shaharlariga yo‘nalishlarni ochish bo‘yicha rejaning birinchisi bo‘ldi. Dastlabki yil davomida 15 mingdan ortiq yo‘lovchi foydalanishi kutilmoqda.

Avvalroq Toshkentda xalqaro reyslarga ro‘yxatdan o‘tish vaqti qachon tugashi haqida ma’lumot berilgandi. Xalqaro parvozlar uchun ro‘yxatdan o‘tish reysning belgilangan jo‘nash vaqtidan 40−60 daqiqa oldin tugaydi.